AsosiyJAMIYAT

Navoiyda 3 kishining o'limiga sabab bo'lgan avtobus haydovchisi 10 yilga qamaldi

Sudda so‘z olgan haydovchi o‘z aybiga iqror bo‘lib, hodisa suv ichish vaqtida chalg‘ib qolgani sababli yuz berganini aytgan.

'Navoiyda 3 kishining o'limiga sabab bo'lgan avtobus haydovchisi 10 yilga qamaldi'ning rasmi

Navoiy viloyatida uch kishining o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha sud hukmi o‘qildi. Darakchi.uz sud hujjatlari bilan tanishdi.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yilning 5 yanvar kuni tong soatlarida “Zarafshon – Navoiy” yo‘nalishida harakatlanayotgan avtobus A-379 “Navoiy – Uchquduq” avtomobil yo‘lining 167–168-kilometrlari oralig‘ida yo‘l-transport hodisasiga uchragan. 1986 yilda tug‘ilgan haydovchi X.Sh. boshqaruvidagi avtobus yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan.

Oqibatda uch nafar yo‘lovchi, jumladan bir nafar voyaga yetmagan shaxs voqea joyida halok bo‘lgan. Yana 21 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohatlari olgan.

Sudda so‘z olgan haydovchi o‘z aybiga iqror bo‘lib, hodisa suv ichish vaqtida chalg‘ib qolgani sababli yuz berganini aytgan.

Uning ko‘rsatmasiga ko‘ra, avtobusni soatiga taxminan 70 kilometr tezlikda boshqarib ketayotgan vaqtda suv idishining qopqog‘ini qidirish uchun pastga egilgan. Shu payt rulni beixtiyor o‘ng tomonga burib yuborgan. Transport vositasining yo‘ldan chiqib ketmasligi uchun rulni chap tomonga burgan bo‘lsa-da, boshqaruvni tiklay olmagan va avtobus ag‘darilib ketgan.

Tomdi tuman sudining 11 iyun kungi hukmi bilan haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi uchinchi qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi.

Sud unga uch yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jazo manzil-koloniyada o‘talishi belgilandi.

Shuningdek, sud qaroriga muvofiq, haydovchidan avtobus egasi bo‘lgan mas’uliyati cheklangan jamiyat foydasiga 147 million so‘m miqdorida moddiy zarar undirilishi belgilangan.

    Boshqa yangiliklar