Uchrashuv avvalidа Belarus hukumati rahbari davlat rahbariga Prezident Aleksandr Lukashenkoning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Tomondalar joriy yil may oyida Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tgan Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunlarini yuqori baholadi. Qayd etilishicha, mazkur uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilgan.
Muzokaralar davomida savdo-iqtisodiy aloqalarda ijobiy dinamika kuzatilayotgani ta’kidlandi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 32 foizga oshgan.
Ayni paytda qishloq xo‘jaligi, mashinasozlik va boshqa qator tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, madaniy-gumanitar va hududlararo aloqalarni faollashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan choralarni amalga oshirish muhim ekani qayd etildi.






