O‘zbekistonda davlat xizmatchilari uchun jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalariga profilaktik tashriflar tashkil etish amaliyoti joriy etilmoqda.
Qayd etilishicha, mazkur tashabbus davlat xizmatchilariga korrupsiyaviy huquqbuzarliklarning og‘ir oqibatlarini amalda ko‘rsatish orqali ularda bunday xatti-harakatlarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish maqsadida yo‘lga qo‘yilmoqda.
Agentlikka ko‘ra, tashriflar davomida davlat xizmatchilari tergov xonalari, hibsda saqlanayotgan shaxslar uchun mo‘ljallangan kameralar hamda muassasalarning boshqa infratuzilma obyektlari bilan yaqindan tanishadi.
Shuningdek, korrupsiyaviy jinoyatlar uchun jazo o‘tayotgan shaxslar bilan uchrashuv va muloqotlar ham tashkil etiladi. Bu orqali xizmat vakolatlaridan faqat xalq va davlat manfaatlari yo‘lida foydalanish mas’uliyatini kuchaytirish, halollik va qonun ustuvorligi tamoyillariga sodiqlikni oshirish ko‘zda tutilgan.
Rejaga muvofiq, dastlabki tashriflarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Kadastr agentligi rahbariyati va mas’ul xodimlari ishtirok etadi. Keyingi bosqichlarda esa boshqa vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, korrupsiyaviy xavf-xatarlar yuqori bo‘lgan sohalarda faoliyat yuritayotgan davlat xizmatchilari qamrab olinadi.






