AsosiyJAMIYAT

Mirziyoyev Xitoy bilan texnologik va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta'kidladi

Tomondlar chiqindilarni qayta ishlash orqali energiya ishlab chiqarish, data-markazlar tashkil etish va boshqa zamonaviy texnologik yechimlarni rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi.

'Mirziyoyev Xitoy bilan texnologik va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta'kidladi'ning rasmi

Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Milliy energetika boshqarmasi rahbari Van Xunchji boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Xitoyning yirik energetika, sanoat va moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. Jumladan, "China Energy Engineering Corporation", "China Datang", "Sinoma Energy Conservation", "China Southern Power Grid", "CAMCE", "CNNC", "State Nuclear Uranium Resource Development" kompaniyalari rahbarlari hamda "The Export-Import Bank of China" va "Bank of China" vakillari qatnashdi.

Muzokaralarda energetika va geologiya sohalaridagi yuqori texnologik loyihalarni ilgari surish, shuningdek, bank-moliya yo‘nalishidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Davlat rahbari O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy aloqalar jadal sur’atlarda rivojlanayotganini ta’kidladi. Qayd etilishicha, joriy yilning o‘tgan davrida ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6 milliard dollardan oshgan. Shuningdek, Xitoydan jalb qilingan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hajmi 8 milliard dollardan ortiqni tashkil etgan. Ayni paytda mamlakatda qariyb 6 mingta O‘zbekiston–Xitoy qo‘shma korxonasi faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvda «yashil» energetika sohasidagi loyihalarga alohida e’tibor qaratildi. Bugungi kunda Xitoy kompaniyalari ishtirokida O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari hamda energiya saqlash tizimlari qurilmoqda.

Shu bilan birga, fotoelektr stansiyalar quvvatini kengaytirish, agrovoltaika texnologiyalarini joriy etish va yangi elektr uzatish tarmoqlarini barpo etish bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Tomondlar chiqindilarni qayta ishlash orqali energiya ishlab chiqarish, data-markazlar tashkil etish va boshqa zamonaviy texnologik echimlarni rivojlantirish sohasidagi hamkorlik istiqbollarini ham muhokama qildi.

Shuningdek, tog‘-kon va geologiya sohasida konlarni qidirish va o‘zlashtirish, muhim xomashyo resurslarini yetkazib berish bo‘yicha uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Muzokaralarda Xitoyning yetakchi banklari bilan moliyaviy hamkorlikni kengaytirish, infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish, irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, yuqori tezlikda harakatlanishga mo‘ljallangan avtomobil yo‘llari va gidroelektr stansiyalar qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasini yetkazib berish hamda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida Xitoy delegatsiyasi vakillari davlat rahbariga ochiq va samarali muloqot uchun minnatdorlik bildirib, erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

    Boshqa yangiliklar