AsosiyDUNYO

Texasda avtomagistralga qulagan samolyotda kamida bir kishi halok bo'ldi

Hodisa vaqtida qutqaruv ishlarida ishtirok etgan ayrim politsiyachilar va o't o'chiruvchilar tutundan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

'Texasda avtomagistralga qulagan samolyotda kamida bir kishi halok bo'ldi'ning rasmi

AQShning Texas shtatida olti kishini olib ketayotgan kichik samolyot avtomagistralga qulab tushdi. Hodisa oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan.

Associated Press agentligi xabar berishicha, voqea 16 iyun kuni Laredo shahri yaqinida sodir bo‘lgan. Samolyot Meksikaning Los-Kabos xalqaro aeroportidan parvoz qilgan bo‘lib, Laredo xalqaro aeroportiga qo‘nish vaqtida halokatga uchragan.

Qulashdan so‘ng havo kemasi avtomagistral chetida yonboshlab qolgan va kuchli yong‘in chiqqan. Hodisa guvohlarining aytishicha, haydovchilar transport vositalarini tashlab, samolyotdagilarni qutqarish uchun voqea joyiga yugurgan. Ayrimlar kabina oynasini sindirishga urinib, ichida qolganlarni chiqarishga harakat qilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, samolyotda bo‘lgan uch nafar o‘smir va uchuvchi tashqariga chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Shuningdek, yana bir hushsiz yo‘lovchini qutqarish bo‘yicha urinishlar amalga oshirilgan.

Rasmiylar ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida kamida bir kishi halok bo‘lgan, bir necha kishi turli darajada jarohat olgan. Halok bo‘lgan shaxs samolyot ichida bo‘lganmi yoki yerdagi odammi, hozircha aniq emas.

Hodisa vaqtida qutqaruv ishlarida ishtirok etgan ayrim politsiyachilar va o‘t o‘chiruvchilar tutundan zaharlanish alomatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, halokatga texnik nosozlik sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ayni vaqtda voqea yuzasidan rasmiy tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar

    Texasda avtomagistralga qulagan samolyotda kamida bir kishi halok bo'ldi - Darakchi.uz