Rossiyada Visa va Mastercard kartalarini bosqichma-bosqich muomaladan chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda mamlakatdagi barcha ichki to‘lovlarni qayta ishlaydigan Milliy to‘lov kartalari tizimi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu maqsadda xalqaro to‘lov tizimlari kartalari uchun banklararo komissiya stavkalari bosqichma-bosqich pasaytiriladi. Xususan, 2027 yil boshidan komissiya miqdorini 1 foizgacha tushirish, 2028 yildan esa uni to‘liq bekor qilish rejalashtirilgan.
Bu esa Rossiya banklari uchun Visa va Mastercard kartalari bilan ishlashni iqtisodiy jihatdan manfaatsiz qilib qo‘yadi.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainadagi urush boshlanganidan keyin Visa va Mastercard Rossiya bozorini tark etgan, shundan so‘ng mamlakat banklari mazkur kartalarning amal qilish muddatini uzaytirish yoki ularni muddatsiz qilish amaliyotini joriy etgandi.






