Endilikda O‘zbekistonda foydalanish muddati tugagan avtomobillarni utilizatsiyaga topshirmagan fuqarolar bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi mumkin. Chiqindilarni boshqarish agentligi ma’lum qilishicha, mamlakatda eski transport vositalarini sotib olib, utilizatsiya qilish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Unga ko‘ra, ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq bo‘lgan avtomobillar egalaridan bozor narxida baholanib, sotib olinadi hamda utilizatsiyaga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, avtomobil egalari bilan hisob-kitob turli shakllarda amalga oshirilishi mumkin. Jumladan, yangi avtomobil xaridida boshlang‘ich to‘lov sifatida elektron vaucher taqdim etish yoki uning pul ko‘rinishida to‘lab berish amaliyoti joriy etiladi. Iste’molchilar mazkur vaucherlar orqali mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarni imtiyozli shartlarda xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bunda vaucher qiymati miqdorida chegirma beriladi, qolgan summa esa bir yildan ortiq muddatga bo‘lib to‘lanishi mumkin. Eski avtomobilni belgilangan tartibda utilizatsiyaga topshirmagan fuqarolar esa yiliga bir marotaba bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya to‘laydi. Ma’lumot uchun, bunday amaliyot dunyoning 60 dan ortiq davlatida qo‘llaniladi. Jumladan, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Xitoy va AQSh kabi mamlakatlarda eski avtomobillarni utilizatsiya qilish va ularni yangisiga almashtirishni rag‘batlantiruvchi dasturlar yo‘lga qo‘yilgan. Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda eski transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish bo‘yicha davlat qo‘llab-quvvatlashi joriy etilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.






