Eron Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi (IIQK) Hormuz bo'g'ozi kemalar harakati uchun qayta yopilganini e'lon qildi. Tehron bu qarorni AQSh va Isroil tomonidan sulh kelishuvi shartlari buzilgani bilan izohlamoqda. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, mazkur qaror 18 iyun kuni AQSh prezidenti Donald Tramp va Eron prezidenti Mas'ud Pezeshkiyon o'rtasida imzolangan vaqtinchalik tinchlik kelishuvidan bir necha kun o'tib qabul qilingan. Ushbu kelishuv qariyb to'rt oy davom etgan qurolli to'qnashuvlarga barham berishni nazarda tutgan edi.
IIQK bayonotida Hormuz bo'g'oziga yaqinlashgan kemalar xavf ostida qolishi mumkinligi ta'kidlangan. Tehron Isroilning Livan janubidagi harbiy harakatlari hamda Vashingtonning kelishuv bo'yicha majburiyatlarini bajarmayotganini asosiy sabab sifatida keltirmoqda.
Shu bilan birga, AQSh vitse-prezidenti Jey Di Vens yaqin kunlarda Shveytsariyaga borib, Eron bilan muzokaralarda ishtirok etishini ma'lum qildi. Uning aytishicha, tomonlar o'rtasidagi kelishuv hali ham amal qilmoqda va Vashington Hormuz bo'g'ozi yopilganini tasdiqlovchi aniq dalillar yo'qligini bildirgan.
Ma'lumotlarga ko'ra, AQShning maxsus vakillari Jared Kushner va Stiv Uitkoff allaqachon Shveytsariyada bo'lib, muzokaralarning texnik jihatlarini muhokama qilmoqda. Eron tashqi ishlar vazirligi ham o'z delegatsiyasi muzokaralar uchun yo'lga chiqqanini tasdiqlagan.
Hormuz bo'g'ozi dunyodagi eng muhim energetik yo'laklardan biri hisoblanadi. U orqali jahon nefti va suyultirilgan gaz savdosining katta qismi amalga oshiriladi. Bu yo'lakning yopilishi global energiya bozoriga jiddiy bosim o'tkazib, neft narxlari oshishi va inflyatsiya xavfini kuchaytirishi mumkin.






