Rossiyaning Tomsk viloyatidagi 3-sonli axloq tuzatish koloniyasida saqlanayotgan O'zbekiston fuqarolari holidan xabarr olindi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi ma'lum qildi.
O'zbekiston Bosh konsulxonasi diplomatlari muassasaga tashrif buyurib, jazo otayotgan vatandoshlar bilan suhbatlashgan. Ma'lumotlarga ko'ra, koloniyada hozirda qariyb 70 nafar O'zbekiston fuqarosi saqlanmoqda.
Uchrashuvlar davomida mahkumlarning murojaatlari o'rganilib, huquqiy masalalar bo'yicha tushuntirishlar berilgan. Shuningdek, ularga xorijdagi harbiy harakatlarda ishtirok etish O'zbekiston qonunchiligiga ko'ra jinoyiy javobgarlikka sabab bo'lishi haqida eslatilgan.
Tashrif chog'ida bir qator muammolar ham joyida hal qilingan. Jumladan, astma kasalligi bilan og'rigan mahkumga tibbiy yordam ko'rsatilishi ta'minlangan, ikki nafar fuqaroning pasport rasmiylashtirish bo'yicha arizalari qabul qilingan.
Shu bilan birga, may oyida ozodlikka chiqqanidan so'ng yaqinlari bilan aloqasi uzilgan o'zbekistonlik fuqaroning manzili aniqlanib, bu haqda uning oilasiga xabar berilgan.






