Toshkentda "Gonzo" taxallusi bilan tanilgan blogger Geydar Aliyev K-Vibe koreys madaniyati festivalidagi mojarodan so‘ng ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Podrobno nashri ma’lum qildi.
Sud qaroriga ko‘ra, u mayda bezorilik va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaganlikda aybdor deb topilgan. Blogerga 5 sutka ma’muriy qamoq va BHMning 5 baravari miqdorida jarima tayinlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, voqea 13 iyun kuni Taras Shevchenko ko‘chasida bo‘lib o‘tgan koreys madaniyati festivali vaqtida sodir bo‘lgan. Blogger tadbirni jonli efirda yoritish chog‘ida ishtirokchilarni tasvirga olgan va shundan so‘ng mojaro yuzaga kelgan.
Qayd etilishicha, festival qatnashchilari uni videoga olishni to‘xtatishni so‘ragan, ammo blogger bu talabga amal qilmagan. Vaziyatga ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari aralashgan.
Hodisa ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan. Hozircha huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rasmiy bayonot berilmagan.






