Samarqand viloyatining Urgut tumanida 2 kilogrammdan ortiq gashish moddasini sotishga uringan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 1990, 1998 va 2008 yillarda tug‘ilgan mahalliy fuqarolar shartli xaridorga 2 kilogramm 80 gramm gashish moddasini 27,4 ming AQSH dollariga sotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ma’lum bo‘lishicha, qo‘lga olingan shaxslardan biri muqaddam ham giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyat sodir etgani uchun sudlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ushbu turdagi jinoyatni sodir etgan shaxslar 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.






