Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida kuchli yog‘ingarchiliklar ortidan yuzaga kelgan sel oqimi xalqaro ahamiyatga ega avtomobil ko‘prigiga zarar yetkazdi. Bu haqda Zamon.uz ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, 21 iyun kuni kuzatilgan sel toshqini oqibatida tumanning “Bog‘i Samarqand” va “Shirin” mahallalari hududidagi ayrim aholi xonadonlari hamda tomorqalariga suv kirgan.
Shuningdek, tabiiy ofat M-41 “Bishkek — Dushanbe — Termiz” xalqaro avtomobil yo‘lida joylashgan, O‘zbekiston va Tojikistonni bog‘lovchi ko‘prikka ham zarar yetkazgan.
Dastlabki xulosalarga ko‘ra, yog‘ingarchiliklar natijasida daryoda suv sathi va oqim tezligi keskin oshgan. Bu esa ko‘prik tayanchlariga yuqori bosim tushishiga sabab bo‘lib, inshootning bir qismi shikastlangan.
Qayd etilishicha, 1977 yilda qurilgan mazkur ko‘prik orqali harakat xavfsizlik nuqtai nazaridan vaqtincha cheklangan.
Hozirda transport vositalari harakati Uzun tumani hududidagi aylanma yo‘nalishlar orqali tashkil etilgan. Mutaxassislar tomonidan ko‘prikning texnik holati o‘rganilib, zarar ko‘lamini baholash ishlari olib borilmoqda.






