Namangan viloyatida jinsiy zo‘ravonlikka oid murojaat bo‘yicha dalillarni soxtalashtirganlikda ayblangan sobiq tergovchiga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Sud hujjatlariga ko‘ra, Davlatobod tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘limida katta tergovchi lavozimida ishlagan D.O. jabrlanuvchi ayolning arizasi bo‘yicha qonun talablariga zid qaror qabul qilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil mart oyida D.K. ismli ayol huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, bir shaxs uni zo‘rlik ishlatgan holda jinsiy aloqaga majburlaganini bildirgan. Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida jabrlanuvchining tanasida turli jarohatlar va jinsiy tajovuz ehtimolini ko‘rsatuvchi izlar aniqlangan.
Shunga qaramasdan, tergovchi gumonlanuvchi harakatlarida jinoyat alomatlari mavjud emas, degan xulosaga kelib, jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etgan.
Tergov jarayonida aniqlanishicha, u gumonlanuvchi nomidan tushuntirish xati tayyorlab, unga jabrlanuvchi jinsiy aloqaga o‘z ixtiyori bilan rozi bo‘lgani haqidagi ma’lumotlarni kiritgan. Keyinchalik o‘tkazilgan ekspertiza mazkur hujjatdagi yozuv va imzolar gumonlanuvchiga tegishli emasligini tasdiqlagan.
Shuningdek, sobiq tergovchi prokuraturaning qarorni qonuniy deb topgani haqida soxta hujjat rasmiylashtirib, unda prokuror o‘rinbosarining elektron imzosini ham qalbakilashtirgani ma’lum bo‘lgan.
Materiallarga ko‘ra, keyinchalik prokuratura rad etish qarorini bekor qilib, ishni qo‘shimcha tekshiruvga qaytargan. Shundan so‘ng tergovchi fosh bo‘lishidan qo‘rqib, ayrim hujjatlarni yo‘q qilib yuborgan.
Sudda ta’kidlanishicha, o‘z vaqtida chora ko‘rilmaganligi oqibatida ozodlikda qolgan xavfli retsidivist keyinchalik yana bir nechta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan. Jumladan, u 13 yoshli qizga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilgan va boshqa bir ayolning nomusiga teggan. Keyinchalik mazkur shaxs qo‘lga olinib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi sobiq tergovchini mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi va dalillarni qalbakilashtirishda aybdor deb topib, 3 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qilgan.
Keyinchalik viloyat sudi apellyatsiya instansiyasida ishni qayta ko‘rib chiqib, ayblov moddalaridan birini chiqargan va sobiq tergovchining jazosini 3 yil 25 kun etib belgilagan.






