Toshkent shahrining Mirzoobod tumanida qurilishi davom etayotgan binodagi yerto‘lada ahvoli og‘irlashgan uch nafar ishchi qutqarib qolindi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar qildi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 22 iyun kuni soat 18:30 larda "112" tizimi orqali Mirzoobod tumanidagi Taras Shevchenko ko‘chasida joylashgan qurilish obyektida favqulodda holat yuz bergani haqida xabar kelib tushgan.
Unga ko‘ra, binodagi ikki qavatli pastki yerto‘laga bo‘yoqlash ishlarini olib borish uchun tushgan uch nafar ishchining ahvoli bo‘yoqdan chiqqan hid ta’sirida og‘irlashgan.
Hodisa joyiga zudlik bilan yetib borgan Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi qutqaruvchilari ishchilarni yerto‘ladan olib chiqib, ularga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatgan. Shundan so‘ng jabrlanganlar tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.






