O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida davlat chegarasini demarkatsiya qilish ishlari doirasida Farg‘ona viloyatida joylashgan Cho‘ng‘ara va Toshqari qishloqlari Qirg‘iziston tarkibiga o‘tdi. Bu haqda Qirg‘iziston Prezidentining matbuot kotibi Asqat Alog‘ozov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur aholi punktlarida qariyb 2,5 ming nafar etnik qirg‘iz istiqomat qiladi. Endi ushbu qishloqlarda ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilib, aholiga Qirg‘iziston fuqaroligi beriladi.
Qayd etilishicha, ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, Qirg‘iziston mazkur hududlar evaziga O‘zbekistonga chegara yaqinida joylashgan maydoni teng yer uchastkalarini topshirgan.
Shuningdek, Say va Tayan qishloqlari oralig‘ida avtomobil yo‘li qurilishi uchun umumiy maydoni 236 gektar bo‘lgan teng qiymatdagi yer maydonlari ham o‘zaro almashilgan. Qirg‘iz tomonining ta’kidlashicha, mazkur yo‘l foydalanishga topshirilgach, Botken viloyati aholisi Aydarken shahridan Botken shahriga hozirgi 225 kilometrlik aylanma yo‘l orqali emas, balki atigi 55 kilometr masofa bosib yetib borishi mumkin bo‘ladi.






