Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Ichki ishlar vazirligi hamda Bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyati hududidagi YPH maskanida “Qarshi – Toshkent” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Cobalt” rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilgan. Tekshiruv jarayonida avtomobilda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi, 1966 yilda tug‘ilgan fuqaroga tegishli qo‘l sumkasi ko‘zdan kechirilgan.
Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tekshiruv davomida sumka ichida sariq rangli skotch bilan o‘ralgan 5 ta bo‘lakdan iborat, umumiy og‘irligi 5 kilogramm 32 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Yana bir holatda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z xonadoni tomorqasida 33 tup kannabis o‘simligini yetishtirib kelayotgani fosh etilgan. Shuningdek, ushbu manzildan 7 kilogramm 79 gramm marixuana ham olingan.
Shunga o‘xshash holat Farg‘ona viloyatida ham qayd etilgan. Xususan, “Andijon – Qo‘qon” yo‘nalishida harakatlanayotgan “Lacetti” rusumli avtomashina Bag‘dod tumani hududida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv davomida avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan Qo‘qon shahrida yashovchi 2001 va 1982 yillarda tug‘ilgan fuqarolarga tegishli qoplar ichida 1200 dona “Tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda ular bilan ketma-ket harakatlanayotgan “Spark” rusumli avtomashinadagi 1986 yilda tug‘ilgan shaxs ham qo‘lga olingan. Tezkor tadbirlar davomida mazkur jinoyatga aloqador bo‘lgan yana ikki nafar — 1998 va 1980 yillarda tug‘ilgan fuqaro ushlanib, ulardan jami 345 dona “Tropikamid” hamda 15 dona “Regapen” dori vositalari olingan.
Tergovgacha tekshiruv jarayonida ushbu shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kirib, sotish bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. DXX fuqarolarni giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlarga duch kelgan taqdirda, idoraning 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirgan. Shaxsga doir ma’lumotlar sir saqlanishi kafolatlanishi bildirilgan.






