Sudyalar oliy kengashining 2026 yil 24 iyundagi qarori bilan bir qator sudyalarni qayta tayinlash va lavozimlardan ozod etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Qarorga muvofiq, bir nafar sudya muddatsiz davrga, 12 nafar sudya esa sudyalik vakolati muddati davriga qayta tayinlandi. Tayinlovlar doirasida ayrim sudyalar boshqa hududlarga o‘tkazildi, shu munosabat bilan egallab turgan lavozimlaridan ozod etildi.
Shu bilan birga, besh nafar sudyaning vakolatlari muddatidan ilgari tugatildi.
Jumladan, Toshkent viloyati sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Baxtiyor Roziqov, Xorazm viloyati sudining fuqarolik ishlari bo‘yicha sudyasi Mavsuma Yo‘ldosheva hamda Farg‘ona viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shtepa tuman sudi raisi Rahmatjon Arapov o‘z arizalariga ko‘ra lavozimidan ozod etildi.
Shuningdek, Andijon viloyati Andijon tumanlararo ma’muriy sudi sudyasi Sardorbek Mo‘minov va Toshkent viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Bekobod shahar sudi sudyasi Xurshid Xoliqov Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani uchun sudyalik vakolatidan mahrum qilindi.
Qayd etilishicha, mazkur qarorlar “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning tegishli moddalari asosida qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Robaxon Mahmudovani Oliy sud raisi lavozimiga saylash to‘g‘risidagi taqdimnoma Oliy Majlis Senatiga kiritilgan edi.
Joriy yilning 18 iyun kuni Senat tomonidan Robaxon Mahmudova Oliy sud raisi lavozimiga besh yil muddatga saylangan. 22 iyun kuni esa Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva uni sudyalar hamjamiyati va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlariga tanishtirgan.






