AsosiyJAMIYAT

Samarqand hokimiga pedagoglar masalasida ogohlantirish berildi

Avvalroq Samarqand viloyati hokimining oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan o‘tkazgan uchrashuvida o‘qituvchilarni ko‘chalarni nazorat qilish va ularning obodligi uchun mas’ul etib belgilash haqidagi topshirig‘i aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi.

'Samarqand hokimiga pedagoglar masalasida ogohlantirish berildi'ning rasmi

Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboev pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo'lmagan ishlarga jalb etish mumkin emasligi haqida ogohlantirildi. Bu haqda Davlat mehnat inspeksiyasi ma'lum qildi.

Avvalroq Samarqand viloyati hokimining oliy ta'lim muassasalari rektorlari bilan o'tkazgan uchrashuvida o'qituvchilarni ko'chalarni nazorat qilish va ularning obodligi uchun mas'ul etib belgilash haqidagi topshirig'i aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan edi. Mazkur holat jamoatchilik orasida keng muhokamalarga sabab bo'ldi.

Davlat mehnat inspeksiyasi bildirishicha, amaldagi qonunchilikka ko'ra, pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan ishlarga majburiy tarzda jalb etish taqiqlangan. Agar mazkur tashabbus amaliyotga tatbiq etilsa va pedagoglar o'z vazifalariga daxldor bo'lmagan ishlarga jalb qilinsa, bu majburiy mehnat holatlarining kelib chiqishiga sabab bo'lishi mumkin.

"Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboevga pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo'lmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani hamda bunday holatlar uchun javobgarlik belgilangani yuzasidan ogohlantirish yuborildi", deyiladi inspeksiya munosabatida.

Qayd etilishicha, har qanday tashabbusni amalga oshirishda qonunchilik talablariga rioya qilinishi, shuningdek, pedagoglarning huquq va qonuniy manfaatlari ta'minlanishi shart.

Ma'lumot uchun, "Pedagogning maqomi to'g'risida"gi Qonunga muvofiq, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish hamda ularni o'z vazifalariga aloqador bo'lmagan ishlarga jalb etish taqiqlanadi.

Xususan, pedagoglarni obodonlashtirish ishlari, qishloq xo'jaligi ishlari va kasbiy faoliyatiga bog'liq bo'lmagan boshqa vazifalarga jalb etishga yo'l qo'yilmaydi. Shuningdek, ularni ta'lim bilan qamrab olinmagan yoki profilaktik hisobda turgan voyaga etmaganlar bo'yicha hisob yuritish kabi ishlarga jalb qilish ham taqiqlangan.

Qonunchilikka ko'ra, saylovlar, test sinovlari, aholini ro'yxatga olish hamda boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirlarga pedagoglar faqat o'z roziligi bilan, tegishli shartnoma asosida va qo'shimcha haq to'langan yoki o'rtacha ish haqi saqlab qolingan holda jalb qilinishi mumkin.

Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 51-moddasiga muvofiq, pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo'lmagan ishlarga jalb etish, ularni mehnatga ma'muriy tarzda majburlash yoki ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashish ma'muriy javobgarlikka sabab bo'ladi.

Mazkur huquqbuzarlikni sodir etgan mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 150 baravariga qadar miqdorda jarima qo'llanilishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar