O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 iyun kuni Amerika Qo'shma Shtatlarining Savdo vakili Jeymison Grirni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, uchrashuv avvalida Jeymison Grir davlat rahbariga AQSh Prezidenti Donald Trampning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazgan.
Muzokaralar chog'ida O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini, ayniqsa savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilingan.
Tomondar keyingi yillarda ishbilarmonlik aloqalari faollashgani, o'zaro tovar ayirboshash hajmi va investitsiya ko'rsatkichlari izchil o'sib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etgan.
Shuningdek, yaqinda o'tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Amerika kompaniyalari vakillari ishtirokida bo'lib o'tgan davra suhbatining amaliy natijalari ko'rib chiqilgan.
Uchrashuvda O'zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a'zo bo'lish jarayoni ham muhokama qilinib, mazkur yo'nalishda AQSh tomonining ko'magi va qo'llab-quvvatlovini davom ettirish muhimligi ta'kidlangan.
Bundan tashqari, yangi investitsiya va biznes loyihalarini ilgari surish maqsadida Amerika – O'zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashi imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etilgan.






