Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanida joylashgan "Katta Chimyon" tog'ida adashib qolgan ikki nafar fuqaro Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan sog'-salomat qutqarildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, 25 iyun kuni soat 19:50 da Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga "112" yagona dispetcherlik xizmati orqali ikki nafar fuqaro sayr qilish maqsadida toqqa chiqqanidan so'ng yo'ldan adashib, pastga tusholmayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Shundan so'ng Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari zudlik bilan hodisa joyiga yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan. Qisqa vaqt ichida adashib qolgan fuqarolar topilib, xavfsiz hududga olib chiqilgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida hech kim tan jarohati olmagan.






