O‘zbekistonda 2027 yildan boshlab xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida ishlash huquqini beruvchi tegishli sertifikatga ega bo‘lmagan xodimlar mehnat qilayotgan yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlari faoliyati to‘xtatiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorida belgilandi.
"Yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida avariya hamda noxush hodisalarning oldini olish, inson hayotiga xavf soluvchi omillarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorga muvofiq, 2027 yil 1 yanvardan xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida faoliyat yuritish huquqini beruvchi sertifikat yoki ruxsatnomaga ega bo‘lmagan mutaxassislar ishlayotgan ob’ektlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda faoliyatni to‘xtatish choralari qo‘llaniladi.
Qarorda qayd etilishicha, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgan kundan boshlab mazkur ob’ektlar faoliyati avtomatik tarzda qayta tiklanadi.
Shuningdek, 2027 yil 1 sentabrgacha maxsus o‘quv kurslarini tamomlagan va xavfli ishlab chiqarish ob’ektlarida ishlash huquqini beruvchi sertifikatga ega muhandis-texnik xodimlar faoliyatini nazorat qilish maqsadida "Litsenziya" axborot tizimi hamda Yagona milliy mehnat tizimi o‘zaro integratsiya qilinadi.
Bu orqali xodimlarning ishga qabul qilinishi yoki ishdan bo‘shatilishi haqida avtomatik signal berish mexanizmi joriy etiladi va vakolatli organlar tomonidan doimiy monitoring olib boriladi.
Hujjatga muvofiq, avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun "U-Gas" dasturidan foydalanish majburiy talab etib belgilangan. Mazkur dasturdagi ma’lumotlar tabiiy gaz savdosi sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan rasmiy ma’lumot sifatida e’tirof etiladi hamda nazorat organlari tomonidan ma’muriy ta’sir choralarini qo‘llash uchun asos bo‘ladi.
Shuningdek, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlarining oldini olish maqsadida gaz tarqatish uskunalari orqali sotilgan gaz hajmi hisoblagich orqali qabul qilingan gaz hajmidan ortiq bo‘lgan holatlarda, texnologik yo‘qotishlar inobatga olingan holda haqiqiy sotilgan gaz miqdori bo‘yicha hisob-kitob amalga oshiriladi.






