AsosiyDUNYO

AQSh yuk kemasiga hujumdan so‘ng Eronga zarbalar berdi

AQSh tomoni ushbu harakatni o‘tgan kuni savdo kemasiga uyushtirilgan dron hujumiga javob sifatida izohlamoqda.

'AQSh yuk kemasiga hujumdan so‘ng Eronga zarbalar berdi'ning rasmi

AQSh harbiylari Eron hududidagi bir qator nishonlarga zarbalar berdi. Bu haqda AQSh Markaziy qo'mondonligi Centcom ma'lum qildi.

Ma'lum qilinishicha, zarbalar raketa va dron saqlash inshootlari hamda qirg'oq radiolokatsiya nuqtalariga qaratilgan. AQSh tomoni ushbu harakatni o'tgan kuni savdo kemasiga uyushtirilgan dron hujumiga javob sifatida izohlamoqda.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eronni Hormuz bo'g'ozida yuk kemasiga qilingan hujumdan so'ng e'lon qilingan sulhni "ahmoqona ravishda buzganlik"da ayblagan edi.

Eron tomoni esa yuk kemasi "ruxsatsiz harakat qilgani" uchun nishonga olinganini bildirgan.

Centcom bayonotida qayd etilishicha, Eron kuchlarining savdo kemalariga qaratilgan harakatlari o't ochishni to'xtatish kelishuvini aniq buzish hisoblanadi. Shu bilan birga, ushbu harakatlar xalqaro savdo yo'laklarida harakat xavfsizligiga tahdid solayotgani ta'kidlangan.

Eronning Islomiy inqilobiy qo'riqchilar korpusi (IRGC) esa AQShni "kelishuvni buzishda" ayblab, o'z kuchlari mintaqadagi AQSh harbiy pozitsiyalariga javob zarbalari berganini ma'lum qildi. Biroq bu haqda qo'shimcha tafsilotlar keltirilmagan.

Tehron tomoni AQSh hujumlarini Hormuz bo'g'ozidagi vaziyat bilan bog'liq bahona deb atagan.

Ma'lumot uchun, Hormuz bo'g'ozi neft va gaz tashuvchi kemalar uchun eng muhim xalqaro yo'laklardan biri hisoblanadi. Bu hududdagi har qanday beqarorlik jahon energetika bozoriga jiddiy ta'sir ko'rsatishi mumkin.

Ayni paytda vaziyat yuzasidan xalqaro hamjamiyat tomonidan xavotir bildirilmoqda.

    Boshqa yangiliklar

    AQSh yuk kemasiga hujumdan so‘ng Eronga zarbalar berdi - Darakchi.uz