Suv xoʻjaligi tizimida 301 nafar xodim 243 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etgani aniqlandi.
2024–2025 yillar hamda 2026 yilning oʻtgan davrida Suv xoʻjaligi vazirligi tizimida 301 nafar xodim tomonidan 243 ta korrupsiyaviy jinoyat sodir etilgan. Oqibatda davlat va jamiyat manfaatlariga 70 milliard soʻmdan ortiq zarar yetkazilgan.
Bu haqda Suv xoʻjaligi vazirligida oʻtkazilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisida maʼlum qilindi.
Muhokamalarda byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilish, suv tejovchi texnologiyalar uchun ajratilgan subsidiyalardan noqonuniy foydalanish, suv fondi yerlarini boshqarishdagi qonunbuzarliklar, raqamlashtirish ishlarining sustligi hamda manfaatlar toʻqnashuvi bilan bogʻliq holatlar tanqidiy koʻrib chiqildi.
Shuningdek, oʻrnatilgan "Aqlli suv" qurilmalarining katta qismi hanuzgacha toʻliq samarali ishlamayotgani qayd etildi.






