O'zbekistonda 16 yoshga to'lmagan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini qonun bilan cheklashni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilishi mumkin. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri E'zozxon Karimova ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Gazeta.uz.
Vazirning aytishicha, ushbu tashabbus yuzasidan parlament deputatlari va senatorlar bilan dastlabki muhokamalar o'tkazilgan. Hozirda qonun loyihasini tayyorlash va uni jamoatchilik muhokamasiga qo'yish rejalashtirilmoqda.
"Biz ham hozir ushbu masalani o'ylayapmiz. Bu bo'yicha deputatlar va senatorlar bilan ham gaplashdik. Qonun loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo'ymoqchimiz. Bu tartib bizda ham bo'lishi kerak, deb o'ylayman", — dedi vazir.
Shuningdek, E'zozxon Karimova bolalarni telefondan butunlay mahrum qilishning imkoni yo'qligini, biroq undan foydalanish madaniyati va me'yorini shakllantirish zarurligini ta'kidladi.
Uning ta'kidlashicha, maktablarga telefon olib kirish bo'yicha tegishli qoidalar mavjud bo'lsa-da, ayrim ta'lim muassasalarida ushbu talablar to'liq amalga oshirilmayapti.
Shu bois, mavjud tartiblarni kuchaytirish hamda 16 yoshgacha bo'lgan bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini qonun darajasida tartibga solish masalasi ko'rib chiqilmoqda.






