AsosiyJAMIYAT

O‘zbekistonda noqonuniy kosmetika preparatlaridan botulizm holatlari qayd etildi

Mazkur preparatlarning kelib chiqishi va qonuniy muomalasi bo‘yicha hozirda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

'O‘zbekistonda noqonuniy kosmetika preparatlaridan botulizm holatlari qayd etildi'ning rasmi

O‘zbekistonda noqonuniy kosmetik preparatlardan foydalanish bilan bog‘liq botulizm holatlari qayd etildi. Bu haqda Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi ogohlantirish bilan chiqdi.

Ma’lum qilinishicha, Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi klinikasiga murojaat qilgan ayrim bemorlarda botulinotoksin saqlovchi “Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” va “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” preparatlari kosmetologik maqsadlarda qo‘llanilganidan so‘ng og‘ir nojo‘ya reaksiyalar kuzatilgan.

Ta’kidlanishicha, mazkur preparatlarning kelib chiqishi va qonuniy muomalasi bo‘yicha hozirda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

“Refinex Botulinum Toxin Type A for Therapy” va “Dysport 500 Clostridium botulinum type A toxin-haemagglutinin complex” preparatlari O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bo‘lib, ularning xavfsizligi va samaradorligi rasman baholanmagan.

Markaz fuqarolarga internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali taklif etilayotgan shubhali mahsulotlarni xarid qilmaslik, ulardan foydalanishni to‘xtatish hamda alomatlar paydo bo‘lganda darhol shifokorga murojaat qilishni tavsiya etdi.

Mutaxassislar ko‘rish xiralashishi, qovoq tushishi, yutinish qiyinlashishi, nutq buzilishi va nafas olishda qiyinchilik kabi belgilar kuzatilsa, zudlik bilan tibbiy yordamga murojaat qilish zarurligini ta’kidlamoqda.

Hozirda holat yuzasidan nazorat va tekshiruv ishlari davom ettirilmoqda. 

    Boshqa yangiliklar