AsosiyJAMIYAT

Dubayda ishsiz qolib ketgan oila O'zbekistonga qaytarildi

Vizasiz yurish muddati tugagach, oila 27 ming dirham jarimaga tortilgan.

'Dubayda ishsiz qolib ketgan oila O'zbekistonga qaytarildi'ning rasmi

Dubay shahrida og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan o‘zbekistonlik oila vatanga qaytarildi. 

Dunyo axborot agentligi xabar berishicha, 25 iyun kuni O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasiga fuqaro A.R. turmush o‘rtog‘i va farzandi bilan og‘ir vaziyatga tushib qolganini bildirib, vatanga qaytishda amaliy yordam so‘ragan.

Ma’lum qilinishicha oila 2025 yil dekabrida mavsumiy ishlash maqsadida Dubayga yo‘l olgan. Biroq doimiy ish topilmagani sababli moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan. Ular O‘zbekistonga qaytish uchun aviachipta xarid qilgan bo‘lsa-da, aviaqatnovlardagi kechikishlar va mintaqa bo‘yicha yuzaga kelgan keskin vaziyat sabab mamlakatni tark eta olmagan. Vizasiz yurish muddati tugagach, oila a’zolari jarimaga tortilgan.

Dubay immigratsiya xizmati har bir fuqaro uchun 9 ming dirhamdan, jami 27 ming dirham (taxminan 7,5 ming dollar) miqdorida jarima to‘lash kerakligini ma’lum qilgan.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi aralashuvi bilan oila a’zolariga mamlakatni jarimasiz tark etishga ruxsat olingan.

Shuningdek, diplomatik vakolatxona tashabbusi bilan BAAdagi "Ayollar va bolalarga yordam ko‘rsatish" jamg‘armasi ko‘magida oila uchun Dubay—Toshkent yo‘nalishiga aviachiptalar xarid qilindi va ularning 26 iyun kuni O‘zbekistonga xavfsiz qaytishi ta’minlandi.

    Boshqa yangiliklar

    Dubayda ishsiz qolib ketgan oila O'zbekistonga qaytarildi - Darakchi.uz