Saudiya Arabistonining davlat axborot agentligi ma'lumotiga ko'ra, mamlakatning neft giganti “Aramco” kompaniyasiga tegishli vertolyot 28 iyun kuni sharqiy sohilda joylashgan Ras Tanura hududida halokatga uchradi. Bu haqda xorijiy manbalarga tayanib Zamon.uz xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, vertolyot mahalliy vaqt bilan taxminan soat 06:00 atrofida qulagan. Hodisa oqibatida 14 nafar Saudiya Arabistoni fuqarosi halok bo'lgan.
Hozircha halokat sabablari ma'lum emas. Rasmiylar tomonidan voqea bo'yicha to'liq tergov boshlangani aytilmoqda. “Aramco” kompaniyasi esa hodisa yuzasidan yuborilgan so'rovlarga hozircha javob bermagan.
Qayd etilishicha, “Aramco” bir necha oylik tanaffusdan so'ng yaqinda Ras Tanura terminalida xom neft yuklash ishlarini qayta tiklagan edi.
Saudiya Arabistoni dunyodagi eng yirik neft eksportchilaridan biri hisoblanadi. Mamlakat Yaqin Sharqdagi energetika bozorida AQSh va Eron o'rtasidagi kelishuvlar fonida neft va gaz ishlab chiqarish hamda export hajmini oshirib bormoqda.






