AsosiyDUNYO

Rossiyaning Ukrainaga hujumlari oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi

Sumi viloyatida ham Rossiya bilan chegaraga yaqin hududlardan biriga hujum uyushtirilgan. Viloyat ma'muriyati ma'lum qilishicha, oqibatda bir nafar keksa ayol halok bo'lgan.

'Rossiyaning Ukrainaga hujumlari oqibatida kamida besh kishi halok bo‘ldi'ning rasmi

Rossiya Qurolli kuchlarining kecha, 28 iyun kuni Ukraina hududlariga amalga oshirgan hujumlari oqibatida kamida besh kishi halok bo'ldi, o'nlab odamlar jarohat oldi. Bu haqda Ukraina mahalliy hokimiyati ma'lum qildi.

Zaporijjya viloyati harbiy ma'muriyati rahbari Ivan Fedorovning ma'lum qilishicha, viloyat markazi — Zaporijjya shahriga berilgan zarbalar natijasida ikki kishi halok bo'lgan, yana 16 nafar fuqaro turli darajada tan jarohati olgan. U e'lon qilgan suratlarda yong'inga uchragan binolar va vayron bo'lgan turar joylar aks etgan.

Rossiya bilan chegaradosh Xarkov viloyatida esa Zmiyiv shahri raketa hujumiga uchragan. Viloyat harbiy ma'muriyati rahbari Oleg Synegubovning bildirishicha, hujum oqibatida bir kishi halok bo'lgan, sakkiz kishi, jumladan ikki nafar bola jarohatlangan.

Shuningdek, Xarkov viloyati politsiyasi ma'lumotiga ko'ra, aholini shimoliy hududlardan evakuatsiya qilish ishlarini muvofiqlashtirayotgan politsiya xodimlaridan biri ham xizmat vazifasini bajarish vaqtida halok bo'lgan.

Sumi viloyatida ham Rossiya bilan chegaraga yaqin hududlardan biriga hujum uyushtirilgan. Viloyat ma'muriyati ma'lum qilishicha, oqibatda bir nafar keksa ayol halok bo'lgan.

Ayni paytda hujumlar ataylab tinch aholi yashaydigan hududlarga qaratilganini tasdiqlovchi mustaqil ma'lumotlar e'lon qilinmagan.

Ma'lumot uchun, Rossiya ham, Ukraina ham urush davomida tinch aholini ataylab nishonga olmayotganini ta'kidlab keladi.

Eslatib o'tamiz, bundan avval Rossiya dronlarining Ukrainaga uyushtirgan hujumi oqibatida uch kishi halok bo'lgani xabar qilingan edi.

    Boshqa yangiliklar