O'zbekistonda axborot texnologiyalari va sun'iy intellekt sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirilib, yangi davlat stipendiyalari joriy etiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 30 iyun kuni Yoshlar kuniga bag'ishlangan uchrashuvda ma'lum qildi.
Prezidentning ta'kidlashicha, endilikda axborot texnologiyalari va sun'iy intellekt yo'nalishlari bo'yicha kadr tayyorlaydigan oliy ta'lim muassasalarining 3-bosqich talabalari o'qishni AT parkda "dual ta'lim" asosida davom ettiradi.
Shuningdek, mazkur sohalarda tahsil olayotgan iqtidorli talabalar uchun "Muhammad al-Xorazmiy" nomidagi davlat stipendiyasi joriy etiladi.
Bundan tashqari, muhandislik, axborot texnologiyalari va sun'iy intellekt yo'nalishlarida tahsil olayotgan iqtidorli qizlarni qo'llab-quvvatlash maqsadida "Muhandis qizlar" stipendiyasi ta'sis etiladi.
Qayd etilishicha, yangi o'quv yilidan ushbu stipendiyalar davlat oliygohlari bilan bir qatorda xususiy oliy ta'lim muassasalari talabalariga ham beriladi.
Prezident xalqaro olimpiadalar g'oliblarini rag'batlantirish tizimi ham kengaytirilishini ma'lum qildi. Endi sun'iy intellekt bo'yicha nufuzli xalqaro olimpiadalarda g'olib bo'lgan yoshlar ham 1 milliard so'm, ularni tayyorlagan ustozlar esa 200 million so'm miqdoridagi davlat mukofoti bilan taqdirlanadi.






