Ispaniyada 2026 yilning iyun oyida kuzatilgan anomal issiq havo oqibatida kamida 900 kishi vafot etdi. Bu haqda mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining o‘lim holatlarini kunlik monitoring qilish tizimi ma’lumotlariga tayanib, El País nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2026 yil iyun oyi 1961 yildan buyon olib borilayotgan meteorologik kuzatuvlar tarixidagi ikkinchi eng issiq iyun sifatida qayd etildi. Ispaniya Davlat meteorologiya agentligi (AEMET) o‘tgan oyni "o‘ta issiq" deb baholagan. Rekord darajadagi eng issiq iyun esa 2025 yilda kuzatilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuqori harorat oqibatida vafot etganlarning 623 nafari anomal issiqlik hukm surgan bir hafta davomida hayotdan ko‘z yumgan.
Shu bilan birga, 2026 yil iyun oyi issiq havo bilan bog‘liq o‘limlar soni bo‘yicha ham ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich 2017 yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda jazirama tufayli 1 ming nafarga yaqin kishi vafot etgan. Issiqlik bilan bog‘liq o‘lim holatlari bo‘yicha rasmiy kuzatuvlar 2015 yildan buyon yuritib kelinmoqda.
Ma’lumot uchun, joriy yil iyun oyi o‘rtalaridan boshlab Yevropaning qator mamlakatlarida anomal issiq ob-havo kuzatilmoqda. Ayrim hududlarda havo harorati 40 darajagacha, ba’zi joylarda esa undan ham yuqori ko‘tarildi. Shu munosabat bilan Fransiya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Italiyaning ayrim hududlarida ob-havo xavfliligining eng yuqori — "qizil" darajasi joriy etilgan.






