AsosiyJAMIYAT

Monakodagi portlash ortida Ukraina Xavfsizlik xizmati bo'lishi mumkin — OAV

Monako prokuraturasi hozircha hodisani terrorchilik harakati sifatida baholamagan.

'Monakodagi portlash ortida Ukraina Xavfsizlik xizmati bo'lishi mumkin — OAV'ning rasmi

Monakodagi turarjoy binolaridan birining kirish qismida sodir bo'lgan portlash yuzasidan olib borilayotgan tergov doirasida hujum ortida Ukraina Xavfsizlik xizmati turishi mumkinligi haqidagi ehtimol ham ko'rib chiqilmoqda. Bu haqda RBK xabar berdi.

Nashr ma'lumotlariga ko'ra, tergovchilar hodisa oldindan rejalashtirilgan qotillikdan ko'ra ko'proq ogohlantirish maqsadida sodir etilgan bo'lishi mumkin, degan taxminni ilgari surmoqda.

Portlash 29 iyun kuni kechqurun turarjoy binosining kirish qismida, odamlar ichkariga kirayotgan vaqtda sodir bo'lgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, hodisa oqibatida 50–60 yoshlar atrofidagi erkak va ayol hamda ular bilan birga bo'lgan 13 yoshli o'smir jarohat olgan. Monako hukumati jabrlanganlarning shaxsini rasman oshkor qilmagan.

Ommaviy axborot vositalari tarqatgan ma'lumotlarga ko'ra, jarohatlanganlar orasida ukrainalik tadbirkor Vadim Yermolayev va uning yaqinlari ham bo'lgan. Uning rafiqasi Anna Yermolayeva voqea vaqtida hodisa joyida bo'lmagani uchun jarohat olmaganini ma'lum qilgan.

Tergov materiallariga ko'ra, portlovchi moslama joylashtirilgan sumkani hozircha shaxsi aniqlanmagan erkak qoldirib ketgan. Gumonlanuvchi voqea joyidan qochib, Bosoley tomonga yashirinani taxmin qilinmoqda.

Shuningdek, Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Monako rasmiylari bilan doimiy aloqada ekanini ma'lum qildi. Qayd etilishicha, voqea joyida ukrainalik diplomatlar ish olib bormoqda. Rasmiy kanallar orqali jabrlanganlarning shaxsi aniqlashtirilib, ularning Ukraina fuqaroligiga egaligi tekshirilmoqda.

Monako prokuraturasi hozircha hodisani terrorchilik harakati sifatida baholamagan. Ayni paytda qasddan odam o'ldirishga suiqasd qilish hamda portlovchi qurilmadan foydalanish moddalari bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

Ma'lumotlarga ko'ra, Vadim Yermolayev 2023 yil dekabridan buyon Kiyev tomoni joriy etgan sanksiyalar ro'yxatida bo'lib kelmoqda. Ukraina rasmiylari buni uning Rossiya tomonidan bosib olingan Qrimda alkogol biznesi bilan shug'ullangani bilan izohlagan.

    Boshqa yangiliklar