AsosiyJAMIYAT

Dunyoda eng kuchli pasport qaysi davlatga tegishli?

O‘zbekiston Global Passport Index reytingida 123-o‘rinni egalladi.

'Dunyoda eng kuchli pasport qaysi davlatga tegishli?'ning rasmi

Global Citizen Solutions kompaniyasi tomonidan 2026 yil uchun tuzilgan Global Passport Index (GPI) reytingi e'lon qilindi. Unga ko'ra, O'zbekiston dunyodagi eng kuchli pasportlar reytingida 123-o'rinni egalladi.

Mazkur reyting pasportlarni nafaqat vizasiz sayohat qilish imkoniyatlari, balki investitsiyaviy jozibadorlik hamda hayot sifati kabi mezonlar asosida ham baholaydi. Shu jihati bilan u faqat vizasiz kirish mumkin bo'lgan davlatlar soniga tayanadigan Henley Passport Index reytingidan farq qiladi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng yuqori natijani Qozog'iston qayd etgan bo'lib, mamlakat 107-o'rinni egallagan. Undan keyin O'zbekiston (123), Qirg'iziston (127), Tojikiston (140) va Turkmaniston (144) joylashgan. Afg'oniston esa 197-o'rin bilan reytingning eng so'nggi pog'onasidan o'rin olgan.

O'zbekiston alohida yo'nalishlar bo'yicha mobillik indeksida 129-o'rin, investitsiyaviy jozibadorlikda 89-o'rin hamda hayot sifati indeksida 119-o'rinni qayd etgan.

2026 yilgi reytingga ko'ra, dunyodagi eng kuchli pasport Shvetsiyaga tegishli deb topildi. Mamlakat mobillik bo'yicha 11-o'rin, investitsiyalar bo'yicha 9-o'rin va hayot sifati bo'yicha 2-o'rinni egallagan.

Ikkinchi pog'onadan Shveytsariya joy olgan. U mobillik bo'yicha 7-o'rin, investitsiyalar bo'yicha 2-o'rin va hayot sifati bo'yicha 36-o'rinda qayd etilgan.

Uchinchi o'rin Finlyandiyaga nasib etgan. Mamlakat mobillik bo'yicha 4-o'rinni, investitsiyalar bo'yicha 28-o'rinni egallagan bo'lsa, hayot sifati indeksida dunyoda birinchi o'rinni saqlab qolgan.

To'rtinchi pog'ona Germaniyaga nasib etgan. Shuningdek, kuchli beshlikni Niderlandiya va Daniya yakunlagan. Reytingning kuchli o'ntaligiga Irlandiya, Buyuk Britaniya, Norvegiya hamda Singapur ham kirgan. E'tiborlisi, birinchi o'ntalikdan o'rin olgan davlatlarning to'qqiztasi Yevropa mamlakati hisoblanadi. Singapur esa Yevropadan tashqari mazkur ro'yxatga kirgan yagona davlat bo'ldi.

Eslatib o'tamiz, 2026 yil aprel oyida e'lon qilingan Henley Passport Index reytingida O'zbekiston 74-o'ringa ko'tarilgan edi. Ungacha mamlakat 75-pog'onada qayd etilgan bo'lib, Markaziy Osiyoda eng yuqori o'rinni Qozog'iston pasporti egallagan va u 61-pog'onadan joy olgan.

    Boshqa yangiliklar