Hindistonda 29 yoshli ayol turmush o‘rtog‘i tomonidan bo‘g‘ib o‘ldirildi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, erkak xotinini ortiqcha vazni uchun muntazam haqorat qilib kelgan hamda uning oilasidan sep sifatida pul va tilla talab qilgan. Bu haqda Times of India nashri xabar berdi.
Hodisa mamlakatning Dharvad shahriga qarashli Khanasi qishlog‘ida sodir bo‘lgan. Halok bo‘lgan ayol Priyanka Kamalakar bo‘lib, u 2024 yilda turmush qurgan. Shundan so‘ng er-xotin o‘rtasidagi munosabatlar asta-sekin yomonlasha boshlagan.
Marhumning yaqinlari aytishicha, kuyov va uning oila a’zolari Priyankaga uzoq vaqt davomida ruhiy hamda jismoniy tazyiq o‘tkazib, qo‘shimcha pul va qimmatbaho buyumlar talab qilib kelgan.
Tergov davomida erkak xotinining tashqi ko‘rinishini doimiy ravishda masxara qilgani, uni “juda semiz” deb haqoratlagani hamda farzand ko‘ra olmasligini aytib tahqirlagani aniqlangan. Bu esa oilada muntazam janjallarga sabab bo‘lgan.
Navbatdagi mojarolardan biri vaqtida erkak ayolni bo‘g‘ib o‘ldirgan. Keyin esa qarindoshlari bilan birgalikda jinoyat izlarini yashirishga uringan.
Marhumning oila a’zolari politsiyaga murojaat qilgach, qotillik va sep talab qilish bilan bog‘liq ta’qiblar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirgacha ushbu ish bo‘yicha to‘rt kishi, jumladan, marhumning eri ham hibsga olingan.
Hindistonda kelin tomonidan sep talab qilinishi bilan bog‘liq holatlar tez-tez uchrab turadi. Shu yil may oyida mamlakatda 33 yoshli model va aktrisa turmush qurganidan besh oy o‘tib, o‘z uyida o‘lik holda topilgan edi. Marhumning onasi qotillikka sep mojarosi sabab bo‘lganini bildirgan. Qarshi tomon esa voqeani o‘z joniga qasd qilish sifatida talqin qilgan.






