Turkiyaning Mug'la viloyatida daryoga cho'kib ketgan O'zbekiston fuqarosining jasadi topildi. Bu haqda mamlakatning Cumhuriyet nashri xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, 21 yoshli O'zbekiston fuqarosi Mug'la viloyatining Seydikemer tumanidagi daryoga cho'milish uchun borgan. Uzoq vaqt davomida uning uyga qaytmaganidan xavotirga tushgan otasi o'g'lini qidirish uchun daryo bo'yiga yo'l olgan.
Daryo sohiliga yetib kelgan ota o'g'lining kiyimlarini topgach, zudlik bilan 112 shoshilinch xizmat markaziga murojaat qilgan. Shundan so'ng hududga qutqaruvchilar, jandarmariya va tibbiy xizmat xodimlari jalb etilgan.
Qidiruv ishlarida suv osti qutqaruvchilari ishtirok etgan. Bir necha soatlik qidiruvdan so'ng yigitning jasadi daryo tubidan topilib, suv yuzasiga olib chiqilgan.
Marhumning jasadi sud-tibbiy ekspertizasini o'tkazish uchun Mug'la sud-tibbiy ekspertiza muassasasiga yuborilgan.
Hozirda mazkur hodisa yuzasidan Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. O'zbekiston fuqarosining daryoga qanday sharoitda cho'kib ketganiga aniqlik kiritilmoqda.






