Bugun, 3 iyul kuni Oʻzbekiston delegatsiyasi Eronning sobiq oliy rahnamosi Ali Xomanaiy bilan vidolashuv marosimida ishtirok etdi. Bu haqda Mehr News agentligi xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov boshchiligidagi delegatsiya Tehronda oʻtkazilgan rasmiy marosimda qatnashgan. Shuningdek, tadbirda Turkman xalqining Milliy yetakchisi Gurbanguli Berdimuhamedov ham ishtirok etgan.
Eronnda Ali Xomanaiy bilan vidolashuv munosabati bilan olti kunlik motam tadbirlari oʻtkazilmoqda. Eron Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari va motam tadbirlarini tashkil etish shtabi rahbari Ali Akbar Purjamshidiyonning maʼlum qilishicha, marosimlarda 30 dan ortiq davlat va 90 dan ziyod mamlakatdan kelgan diniy arboblar ishtirok etishi kutilmoqda.
Motam tadbirlari 3 iyul kuni Tehrondagi "Musallo" majmuasida boshlandi. Keyingi marosimlar Qum va Mashhad shaharlarida, shuningdek, Iroqning shialar uchun muqaddas sanalgan Najaf va Karbalo shaharlarida ham oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Dafn marosimining yakuniy bosqichi 9 iyul kuni Mashhad shahrida boʻlib oʻtadi.
Eslatib oʻtamiz, Ali Xomanaiy joriy yil 28 fevral kuni AQSh va Isroilning Eronga bergan ilk zarbalari oqibatida vafot etgani maʼlum qilingan edi. Shundan soʻng Eronda bir necha oy davomida motam tadbirlariga tayyorgarlik olib borildi.
Avvalroq Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddinjon Ismoilov Toshkentdagi Eron elchixonasiga tashrif buyurib, Ali Xomanaiyning vafoti munosabati bilan ochilgan taʼziya daftariga yozuv qoldirgan edi.






