AsosiyJAMIYAT

Xitoy 12 ta yangi kasbni rasman tan olmoqchi

2019 yildan buyon Xitoyda yangi kasblarning yettita ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, rasman tan olingan zamonaviy kasblar soni 110 taga yetgan.

'Xitoy 12 ta yangi kasbni rasman tan olmoqchi'ning rasmi

Xitoy hukumati mamlakat mehnat bozorida paydo bo‘lgan yangi yo‘nalishlarni inobatga olgan holda 12 ta yangi kasbni rasman tan olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda «Sinxua» axborot agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi kasblar ro‘yxati iqtisodiyotning jadal raqamlashuvi, sun’iy intellekt texnologiyalarining rivojlanishi va yangi sanoat tarmoqlarining shakllanishi natijasida yuzaga kelgan ehtiyojlar asosida shakllantirilgan.

Jumladan, ro‘yxatdan raqamli egizaklar (Digital Twin) bo‘yicha muhandis-texniklar, mujassamlashgan sun’iy intellektga ega robotlar bilan ishlash bo‘yicha texnik mutaxassislar hamda sport ma’lumotlari tahlilchilari o‘rin olgan.

Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasi Inson resurslari va ijtimoiy ta’minot vazirligi amaldagi kasblar tarkibiga bir qator yangi ixtisosliklarni ham qo‘shishni taklif qilgan.

Ular orasida past balandlik iqtisodiyoti sohasi logistlari, sun’iy intellekt agentlarini ishlab chiquvchilar, elektr va gibrid transport vositalari inspektorlari, shuningdek, keksalar uchun yashash muhitini moslashtirish bo‘yicha dizaynerlar bor.

Nashrning qayd etishicha, mazkur tashabbus Xitoy iqtisodiyotida yuz berayotgan tarkibiy o‘zgarishlar, raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi va xizmat ko‘rsatish sohasining o‘sishi sharoitida mehnat bozorini zamonaviy talablarga moslashtirishga qaratilgan.

Qayd etilishicha, 2019 yildan buyon Xitoyda yangi kasblarning yettita ro‘yxati tasdiqlangan bo‘lib, rasman tan olingan zamonaviy kasblar soni 110 taga yetgan.

Yangi kasblar uchun milliy standartlar ishlab chiqiladi. Ular kasb-hunar ta’limi, mutaxassislar malakasini oshirish va baholash tizimida asosiy me’yoriy hujjat sifatida xizmat qiladi.

    Boshqa yangiliklar