1 iyuldan boshlab O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida yagona UzQR to‘lov tizimi orqali to‘lovlarni qabul qilish tartibi kuchga kirdi. Bu haqdagi tushunmovchiliklar ortidan Soliq qo‘mitasi rasmiy izoh berdi.
Qo‘mita ma’lum qilishicha, qonunchilikka muvofiq, barcha savdo va xizmat ko‘rsatish subyektlari xaridorlar uchun yagona QR-kod orqali to‘lov qilish imkoniyatini yaratishi shart. Biroq bu boshqa to‘lov usullaridan voz kechish degani emas.
Bu talab to‘lovlar faqat yagona QR-kod orqali qabul qilinishi shart degani emas. Yagona QR-kod xaridor uchun qo‘shimcha to‘lov usullaridan biri sifatida mavjud bo‘lishi kerak, xolos.
Tadbirkorlar davlat reestriga kiritilgan to‘lov tashkilotlarining QR-kodlari, bank kartalari, naqd pul va qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa to‘lov turlaridan ham foydalanishda davom etishi mumkin.
Shuningdek, Soliq qo‘mitasi soliq organlari ushbu jarayonga aralashmasligini ta’kidladi. Agar soliq xodimlari tomonidan boshqa to‘lov tashkilotlarining QR-kodlarini olib tashlashga urinish holatlari kuzatilsa, fuqarolar 71 244-98-98 raqamli ishonch telefoniga murojaat qilishi mumkin.






