AsosiyJAMIYAT

Shifokorlarga uy-joy uchun davlat subsidiyasi beriladi

15 yillik stajga ega tibbiyot xodimlariga ipotekada 25 foizlik imtiyoz beriladi.

'Shifokorlarga uy-joy uchun davlat subsidiyasi beriladi'ning rasmi

Hukumatning 2026 yil 12 iyundagi 310-son qarori bilan davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yillik ish stajiga ega tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlashga qaratilgan yangi tartib tasdiqlandi.

Mazkur tartibga asosan ipoteka krediti orqali xarid qilinadigan uy-joyning boshlang‘ich badalining bir qismi davlat tomonidan qoplanib beriladi.

Yangi qoidalarga ko‘ra, subsidiya oluvchilar o‘z ro‘yxatdan o‘tgan hududiga qaramasdan, mamlakatning istalgan hududidagi birlamchi uy-joy bozoridan ipoteka asosida uy xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Subsidiya uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali qabul qilinadi. Ariza berish jarayonida nomzodning davlat tibbiyot muassasasida faol ishlayotgani hamda kamida 15 yillik ish stajiga ega ekani alohida tekshiriladi.

Qarorga muvofiq, subsidiya bir oilaga (er yoki xotindan biriga) faqat bir marotaba ajratiladi. G‘oliblar esa har chorakda belgilangan kvota doirasida, mezonlarga to‘liq mos kelgan nomzodlar orasidan online tarzda tasodifiy tanlov orqali aniqlanadi. Har chorakda 125 nafar nomzod subsidiya olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Subsidiya xabardornomasini olgan fuqaro uy-joy xarid qilish uchun qurilish tashkiloti bilan shartnoma tuzishi mumkin.

    Boshqa yangiliklar