O'zbekistonning bir qator hududlarida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi o'tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalari musodara qilinib, kanabis yetishtirish bilan shug'ullangan shaxslar aniqlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma'lum qilinishicha, "Xavfsiz va sog'lom yurt" tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida respublika bo'ylab maxsus reydlar o'tkazilgan.
Xususan, Namangan viloyatining Norin tumanida yashovchi 1961 yilda tug'ilgan fuqaroning yashash xonadoni ko'zdan kechirilganda, kelgusida sotish maqsadida saqlab kelingan 1 kilogramm 595 gramm marixuana aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Namangan viloyatining Chortoq tumanida esa 1973 yilda tug'ilgan shaxs o'z tomorqasida 839 tup kanabis o'simligini ekib, parvarishlab kelgani ma'lum bo'lgan.
Samarqand viloyatida o'tkazilgan tadbir davomida Urgut tumanida yashovchi 1995 yilda tug'ilgan shaxs Toyloq tumani hududida avtomashinada harakatlanayotgan vaqtda to'xtatilgan. Tekshiruv chog'ida undan 20 gramm geroin ashyoviy dalil sifatida olingan.
Xorazm viloyatining Qo'shko'pir tumanida yashovchi, 1962 yilda tug'ilgan va muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog'liq jinoyat uchun sudlangan shaxs 36 tup kanabis o'simligini yetishtirib kelgani ham aniqlangan.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Yangiyo'l shahrida istiqomat qiluvchi, 1973 yilda tug'ilgan, muqaddam shu turdagi jinoyat uchun sudlangan fuqaro o'z hovlisida tashkil etilgan issiqxonada 22 tup kanabis o'simligini parvarishlayotgani ma'lum bo'lgan.
Andijon viloyatining Qo'rg'ontepa tumanida yashovchi 1965 yilda tug'ilgan shaxs esa o'z tomorqasida 10 tup kanabis o'simligini parvarishlab kelgani fosh etilgan.
Hozirda mazkur holatlar yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.






