AsosiyJAMIYAT

Toshkentda oqova suv Salor kanaliga oqizilgani tasdiqlandi

Tekshiruv davomida oqova suvning Salor kanaliga to‘g‘ridan to‘g‘ri tashlanayotgani tasdiqlangan.

'Toshkentda oqova suv Salor kanaliga oqizilgani tasdiqlandi'ning rasmi

Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida joylashgan Shota Rustaveli ko‘chasida qurilish ishlari vaqtida shikastlangan quvurdan chiqqan oqova suv Salor kanaliga to‘g‘ridan to‘g‘ri oqizilgani aniqlandi. Bu haqda Toshkent shahar Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan bosh boshqarma boshlig‘i A. Rasulov, tahliliy laboratoriya mutaxassislari hamda Yakkasaroy tumani ekologiya nazorati inspeksiyasi davlat inspektorlari ishtirokida tezkor ishchi guruh tuzilib, voqea joyida o‘rganish o‘tkazilgan.

Tekshiruv davomida oqova suvning Salor kanaliga to‘g‘ridan to‘g‘ri tashlanayotgani tasdiqlangan.

Shundan so‘ng boshqarmaning tahliliy laboratoriyasi mutaxassislari tomonidan kanal suvidan belgilangan tartibda namunalar olinib, laboratoriya tahliliga yuborilgan.

Qayd etilishicha, tahlil natijalari va o‘rganish yakunlariga ko‘ra, atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etilmagani aniqlansa, aybdorlarga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.

Boshqarma qo‘shimcha ma’lumotlar o‘rganish ishlari yakunlanganidan keyin e’lon qilinishini ma’lum qildi.

    Boshqa yangiliklar

    Toshkentda oqova suv Salor kanaliga oqizilgani tasdiqlandi - Darakchi.uz