Hindistonning Mumbay shahrida tinimsiz yog‘ayotgan kuchli yomg‘ir oqibatida bir nechta turarjoy binosi qulab tushdi. Hodisa oqibatida kamida 6 kishi, jumladan, 5 nafar bola halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, fojia shaharning sharqiy qismida joylashgan Mankhurd tumanida sodir bo‘lgan. Xarobalar mavzesidagi ikki va uch qavatli bir nechta turarjoy binosi vayron bo‘lgan. Qurbonlar orasida bir nafar ayol ham bor.
Kuchli yog‘ingarchilik Mumbay transport tizimiga ham jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Mumbay – Pune tezyurar avtomagistralida ko‘chki yuz bergani sabab yo‘l vaqtincha yopildi. Ayrim aviaqatnovlar va poyezdlar ham bekor qilindi.
Shuningdek, shaharda kuchli yomg‘ir va suv toshqinlari tufayli maktab hamda kollejlar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Ko‘chalarni suv bosgani, daraxtlar qulagani haqida ham xabarlar tarqaldi.
Meteorologlar ma’lumotiga ko‘ra, so‘nggi bir sutkada Mumbayning ayrim hududlarida 161 millimetrgacha yog‘ingarchilik kuzatilgan. Hindiston Meteorologiya xizmati esa mamlakatning qator hududlarida kuchli yomg‘irlar yana bir necha kun davom etishi mumkinligidan ogohlantirgan.






