AsosiyDUNYO

NATO sammiti oldidan Tramp bosimi kuchaydi

So‘nggi oylarda Trampning bayonotlari NATO ichidagi munosabatlarni yanada murakkablashtirdi. U Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatish istagini bildirgan.

'NATO sammiti oldidan Tramp bosimi kuchaydi'ning rasmi

NATOga aʼzo 32 davlat rahbarlari bugun, 7 iyul kuni Turkiya poytaxti Anqara shahrida boshlanadigan sammitda ishtirok etadi. Uchrashuv AQSh Prezidenti Donald Trampning alyans aʼzolaridan mudofaa xarajatlarini keskin oshirishni talab qilayotgan bir paytga toʻgʻri kelmoqda.

NATO Bosh kotibi Mark Ryutte sammit arafasida aʼzo davlatlarni tashkilotning mudofaa xarajatlari boʻyicha maqsadlariga erishish uchun "aniq, amaliy va ishonchli rejalar"ni taqdim etishga chaqirdi. Uning aytishicha, Tramp barcha ittifoqchilar yalpi ichki mahsulotining kamida 5 foizini mudofaa sohasiga yoʻnaltirish boʻyicha tezkor choralar koʻrishini kutmoqda.

Sammit doirasida mudofaa sanoati forumi ham oʻtkaziladi. Unda NATO davlatlari oʻnlab milliard yevrolik yangi qurol-yaroq shartnomalarini eʼlon qilishi rejalashtirilgan. Bu orqali Yevropa davlatlari va Kanada Trampga oʻzlarining mudofaa majburiyatlarini bajarayotganini namoyish etishni maqsad qilgan.

Ikki kunlik sammitda Ukrainaga joriy va kelasi yil uchun taxminan 70 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ajratish boʻyicha kelishuv tasdiqlanishi kutilmoqda. Biroq tahlilchilarga koʻra, bu mablagʻlar asosan avvalroq berilgan vaʼdalarni rasmiylashtirishdan iborat boʻladi.

Oʻtgan yili NATO davlatlari yalpi ichki mahsulotining 5 foizini mudofaa ehtiyojlariga ajratishga kelishib olgan edi. Shundan 3,5 foizi toʻgʻridan-toʻgʻri harbiy sohaga, qolgan 1,5 foizi esa qoʻshinlar harakatini yengillashtiruvchi yoʻllar, koʻpriklar va portlar kabi infratuzilmaga sarflanishi belgilangan.

Soʻnggi oylarda Trampning bayonotlaro NATO ichidagi munosabatlarni yanada murakkablashtirdi. U Grenlandiya ustidan nazorat oʻrnatish istagini bildirgan, Yevropa ittifoqchilarini Eronga qarshi amalga oshirilgan harbiy operatsiyalar yuzasidan yetarlicha maslahatlashmagani uchun tanqid qilgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Italiya va Kanada rahbarlari bilan ham bir qator kelishmovchiliklar yuzaga kelgan.

Bundan tashqari, Vashington Rossiya bilan ehtimoliy mojaro yuz bergan taqdirda Yevropada joylashtiriladigan AQSh harbiy kuchlari va harbiy texnikalari sonini qisqartirish imkoniyatini ham koʻrib chiqmoqda. AQSh Mudofaa vaziri Pit Xegset bu masala yuzasidan qoʻshimcha tahlil oʻtkazilishini va mudofaa xarajatlarini yetarlicha oshirmagan davlatlarda AQSh qoʻshinlari soni koʻproq qisqartirilishi mumkinligini maʼlum qildi.

    Boshqa yangiliklar