Joriy yilning 7–8 iyul kunlari Belarus Respublikasida “O‘zbekiston madaniyati kunlari” yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Mazkur madaniy tadbir ikki davlat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada mustahkamlash, san’at va madaniyat sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Dastur doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov Belarus Respublikasi madaniyat vaziri Marat Markov bilan uchrashib, madaniyat, kino, teatr, muzey, kutubxona, madaniy ta’lim, kreativ industriya va raqamlashtirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Tomonlar qo‘shma ishchi guruh tashkil etish, madaniy loyihalarni amalga oshirish hamda vazirliklar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish muhimligini ta’kidladilar.
Tashrif davomida delegatsiya Minskdagi Belarus IT Parki hamda A. Glebov nomidagi Minsk davlat amaliy san’at kolleji faoliyati bilan tanishdi.
Uchrashuvlarda madaniyat sohasini raqamlashtirish, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalarni madaniy asrash, muzey va kutubxonalarni rivojlantirish hamda kreativ industriyaga keng joriy etish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, Minsk shahridagi “Pobeda” kinoteatrida “O‘zbek kinosi kunlari” tantanali ravishda ochildi. Tadbirda o‘zbek va belarus kinoijodkorlari hamkorligi, yangi qo‘shma loyihalar hamda ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining ahamiyati alohida e’tirof etildi. Dastur doirasida o‘zbek filmlari Belarus tomoshabinlariga namoyish etilmoqda.
Madaniyat kunlari doirasidagi asosiy tadbirlardan biri sifatida 8 iyul kuni Minskdagi “Respublika” saroyida o‘zbek san’at ustalari ishtirokida tantanali konsert dasturi hamda “Yangi O‘zbekiston” foto ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Konsert dasturida o‘zbek milliy va zamonaviy san’atining eng sara namunalari Belarus jamoatchiligiga taqdim etiladi.
“O‘zbekiston madaniyati kunlari” ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik, o‘zaro ishonch va madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqlarni san’at va madaniyat orqali yanada yaqinlashtirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etmoqda.






