Toshkent shahrining Yunusobod tumanida ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan mudhish yo‘l-transport hodisasi yuzasidan yangi tafsilotlar ma’lum qilindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Lacetti va Kia avtomashinalari ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida Lacetti ikkiga bo‘linib ketgani aks etgan video keng tarqalgan edi.
Ma’lum bo‘lishicha, Kia avtomashinasini voyaga etmagan o‘smir boshqargan. U tungi vaqtda otasining ruxsatisiz avtomashina kalitini olib, do‘stlari bilan shahar aylanishga chiqqan.
O‘smirning ko‘rsatmasiga ko‘ra, u avtomobilni yuqori tezlikda boshqargan va chorrahaga chiqqan Lacetti'ni payqagan bo‘lsa-da, transport vositasini o‘z vaqtida to‘xtata olmagan. Oqibatda yuz bergan kuchli to‘qnashuvda Lacetti avtomashinasida bo‘lgan ikki nafar fuqaro voqea joyida halok bo‘lgan.
Shuningdek, hodisa oqibatida yana uch kishi, jumladan ikki nafar bola turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
IIBB ma’lumotiga ko‘ra, voyaga etmagan haydovchi o‘z aybini to‘liq tan olgan. U halok bo‘lganlarning yaqinlaridan, ota-onasidan hamda O‘zbekiston xalqidan kechirim so‘rab, sodir bo‘lgan voqeadan chuqur afsuda ekanini bildirgan.
O‘smirning ota-onasi ham marhumlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, qonun doirasida yuklatiladigan mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisadan so‘ng mahalla fuqarolari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazilgan. Shuningdek, o‘smir ta’lim olgan maktabda pedagoglar va o‘quvchilar ishtirokida profilaktik uchrashuv tashkil etilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi — transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odamlar o‘limiga sabab bo‘lish alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu moddaga muvofiq, aybdor deb topilgan shaxs 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.






