Toshkent shahrining ayrim hududlarida profilaktika ishlari munosabati bilan issiq suv ta’minoti vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda "Veolia Energy Tashkent" ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, issiqlik tarmoqlarida gidravlik sinovlar o‘tkazilishi munosabati bilan 9 iyulga o‘tar kechasi soat 00:00 dan 06:00 gacha issiq suv ta’minoti cheklanadi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, profilaktika ishlari aholi uchun noqulayliklarni kamaytirish maqsadida tungi vaqtda amalga oshiriladi.
"Veolia Energy Tashkent"ning ta’kidlashicha, gidravlik sinovlar issiqlik tarmoqlariga texnik xizmat ko‘rsatishning majburiy bosqichlaridan biri hisoblanadi. Ularning davomida quvurlar yuqori bosim ostida tekshirilib, mavjud nosozliklar oldindan aniqlanadi. Bu esa kuz-qish mavsumida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalarning oldini olish imkonini beradi.
Issiq suv ta’minoti Mirzo Ulug‘bek tumanining qator ko‘chalari va mahallalarida, shuningdek, Yunusobod hamda Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida vaqtincha to‘xtatiladi.
Jumladan, cheklovlar Mirzo Ulug‘bek, Buyuk Ipak yo‘li, Qori Niyoziy, Muhammad Yusuf, Sayram, Tamaraxonim, Oqqo‘rg‘on, Parkent, Bog‘ishamol, Ozodlik, Yalang‘och massivi, Toshselmash, Toshkent davlat agrar universiteti hududi, shuningdek, Amir Temur shoh ko‘chasi, Mustaqillik ko‘chasi, Minor, Chingiz Aytmatov, Hamid Olimjon, Abdulla Qodiriy, Sebzor, Qoraqamish dahalari va C-1, C-2, C-5, C-6, C-12, C-15, C-17 hamda C-18 massivlarining ayrim qismlarini qamrab oladi.
Mutasadidilar yuzaga keladigan vaqtinchalik noqulayliklar uchun aholidan uzr so‘rab, zarur ehtiyoj uchun issiq suvni oldindan jamg‘arib qo‘yishni tavsiya qildi.






