AsosiyJAMIYAT

Meloni NATO sammitida Trampning yonida turishni istamadi – OAV

Shu mojaro ortidan Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani AQShga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilgani haqida xabarlar tarqalgan. Shuningdek, Tramp Meloni bilan boshqa do‘st bo‘lishni istamasligini ham bildirgan.

'Meloni NATO sammitida Trampning yonida turishni istamadi – OAV'ning rasmi

Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘andan NATO sammiti davomida uni AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan yonma-yon joylashtirmaslikni so‘ragan. Bu haqda Haberler nashri xabar berdi.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Anqara shahrida o‘tayotgan NATOning 36-sammiti doirasida Meloni rasmiy tadbirlardagi protokol joylashuvi bo‘yicha mezbon tomonga murojaat qilgan. Uning iltimosi Tramp bilan bir qatorda turmaslikka qaratilgan bo‘lgan.

Ta’kidlanishicha, bunga ikki siyosatchi o‘rtasida keyingi vaqtlarda yuzaga kelgan keskin munosabatlar sabab bo‘lgan. Xususan, sammit arafasida Donald Tramp ijtimoiy tarmoqlarda Jorja Meloni haqida post qoldirib, unda "Uni chetlatish uchun order kerak" degan iborani ishlatgan.

Haberler talqiniga ko‘ra, Melonining murojaati rasmiy fotosuratga tushish marosimi vaqtida yangi mojaroning oldini olish maqsadida bildirilgan.

Sammit ishtirokchilari bilan umumiy suratga tushish paytida ham yetakchilarning joylashuvi jurnalistlar e’tiborini tortgan. Jorja Meloni Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanchez yonidan joy olgan bo‘lsa, Donald Tramp undan ancha uzoq masofada turgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Jorja Meloni G7 sammiti chog‘ida u bilan suratga tushishni "o‘tinib so‘ragani"ni da’vo qilgan edi. Italiya Bosh vaziri esa bu iddaolarni rad etib, ularni "uydirma" deb atagan.

Shu mojaro ortidan Italiya Tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani AQShga rejalashtirilgan tashrifini bekor qilgani haqida xabarlar tarqalgan. Shuningdek, Tramp Meloni bilan boshqa do‘st bo‘lishni istamasligini ham bildirgan.

    Boshqa yangiliklar