AsosiyJAMIYAT

Tailanddan olib kelingan 11 kilogrammga yaqin hasish moyi Toshkentda ushlandi

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

'Tailanddan olib kelingan 11 kilogrammga yaqin hasish moyi Toshkentda ushlandi'ning rasmi

Toshkent shahrida Tailanddan olib kelingan yirik miqdordagi giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Respublika miqyosida o‘tkazilayotgan "Xavfsiz va sog‘lom yurt" keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarining ikkinchi bosqichi doirasida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari hamkorligida Toshkent shahrining Chilonzor tumanida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Tadbir davomida 2004 yilda tug‘ilgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosining sport sumkasi belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv chog‘ida sumka ichida shirinliklar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari niqobi ostida yashirilgan, taxminiy og‘irligi 11 kilogramm bo‘lgan hasish moyi borligi aniqlangan. Mazkur giyohvandlik vositasu ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi mazkur narkotik moddani Tailanddan olib kelgan bo‘lib, uni Qozog‘iston Respublikasiga yetkazib berishi rejalashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar va ularning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlarga duch kelganda, idoraning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

    Boshqa yangiliklar

    Tailanddan olib kelingan 11 kilogrammga yaqin hasish moyi Toshkentda ushlandi - Darakchi.uz