30 yil va undan ortiq vaqt avval ishlab chiqarilgan avtomobillar egalaridan har yili BHMning 30 baravari miqdorida ekologik kompensatsiya undirish haqidagi norma qonun loyihasidan butunlay chiqarib tashlandi. Bu haqda 8 iyul kuni Chiqindilarni boshqarish va sirkular iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma'lum qildi.
Ma'lum qilinishicha, qaror jamoatchilik muhokamalari davomida bildirilgan taklif va e'tirozlar inobatga olingan holda qabul qilingan. Hukumat ma'muriy majburlash emas, balki aholini iqtisodiy rag'batlantiruvchi bozor mexanizmlarini qo'llashga ustuvor ahamiyat qaratayotgani ta'kidlandi.
Shu bilan birga, mamlakatda qariyb 5 millionta avtotransport vositasining 100 mingga yaqini nosoz holatda bo'lib, shaharlardagi zararli chiqindilarning 63 foizini aynan ular chiqarayotgani qayd etildi.
Shu sababli avtomobillar parkini yangilash va ekologik barqarorlikni ta'minlash maqsadida yangi mexanizm ishlab chiqilmoqda.
Taklif etilayotgan tartibga ko'ra, ochiq va shaffof tenderlar asosida avtomobillarni baholash hamda qayta ishlash korxonalari tarmog'i tashkil etiladi. Eski avtomobillar bozor qiymatida baholanadi, harakatlanmaydigan transport vositalari ham mutaxassislar tomonidan joyiga chiqib ko'rikdan o'tkaziladi.
Avtomobil egalariga baholangan qiymat miqdorida naqd pul yoki maxsus vaucher beriladi. Vaucherdan rasmiy dilerlar orqali yangi avtomobil sotib olishda boshlang'ich to'lov sifatida foydalanish mumkin bo'ladi. Qolgan mablag'ni esa 2 yildan 7 yilgacha bo'lgan muddatda mutlaqo foizsiz bo'lib-bo'lib to'lash imkoniyati yaratilishi rejalashtirilgan.
Agar fuqaro vaucherdan foydalanishni istamasa, uning qiymatini bir oy ichida naqd pul ko'rinishida qaytarib olishi mumkin.
Loyihada keltirilgan misolga ko'ra, 165 million so'mlik Cobalt avtomobilni xarid qilishda eski mashinasi 5 million so'mga baholangan fuqaro qolgan 160 million so'mni 7 yil davomida har oy taxminan 1,9 million so'mdan foizsiz to'lab boradi. Agar eski avtomobil 70 million so'mga baholansa, oylik to'lov taxminan 1,13 million so'mni tashkil etadi.
Hozirda hujjatni takomillashtirish ishlari davom etmoqda. Mas'ullar qayd etishicha, loyiha aholi va soha mutaxassislari takliflari asosida yanada takomillashtiriladi.






