AQSh Markaziy qo'mondonligi (CENTCOM) Eron hududiga qo'shimcha havo zarbalari berilganini ma'lum qildi. Vashington ushbu amaliyot Hormuz bo'g'ozida xalqaro kema qatnovi xavfsizligini ta'minlash maqsadida o'tkazilganini bildirmoqda.
CENTCOM tarqatgan bayonotga ko'ra, zarbalar Eronning Hormuz bo'g'ozida erkin kema qatnoviga tahdid solish imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan.
"Qo'shma Shtatlar muhim xalqaro suv yo'li orqali harakatlanayotgan tijorat kemalari va fuqarolik ekipajlariga qarshi so'nggi asossiz hujumlar uchun Eronni javobgar deb hisoblaydi", deyiladi bayonotda.
AQSh Prezidenti Donald Tramp esa Truth Social ijtimoiy tarmog'idagi sahifasida ushbu zarbalarni "kechagi kemalarga qilingan hujumga javob" deb atadi.
"Agar bu yana takrorlansa, oqibati ancha og'ir bo'ladi", deb yozdi Tramp.
Shu bilan birga, Eron Islom inqilobi qo'riqchilari korpusi Quvayt va Bahraynda joylashgan Amerika harbiy bazalariga zarbalar berilganini ma'lum qildi. Korpus bayonotida qayd etilishicha, agar AQShning "tajovuzkor harakatlari" davom etsa, javob zarbalari mintaqadagi boshqa Amerika ob'ektlarini ham qamrab oladi.
Eron parlamenti raisi va muzokaralar guruhi rahbari Muhammad Boqir Gʻolibof esa AQShni oʻzaro anglashuv memorandumi shartlarini buzishda aybladi.
Uning so'zlariga ko'ra, Vashington Hormuz bo'g'ozi bo'yicha kelishuvlarga amal qilmagan, Eronga qarshi yangi harbiy tahdidlar bildirgan, neft sanksiyalarini qayta tiklagan, mamlakat janubiga zarbalar bergan hamda Isroilning Livanga qarshi harakatlarini qo'llab-quvvatlagan.
Gʻolibof Hormuz bo'g'ozi faqat Eron belgilaydigan shartlar asosida ochilishini ta'kidladi.
"Amerika hali ham tahdid va va'dalarni buzish oqibatsiz qolmasligini tushungani yo'q. Ochiq aytaman: agar zarba bersangiz, javob zarbasini olasiz. Bema'ni harakat qilmang, aks holda vaziyat yanada murakkablashadi. Hormuz bo'g'ozi Amerika tahdidlari bilan emas, Eron shartlari asosida ochiladi",— dedi u.
Avvalroq NATO sammiti doirasida so'zga chiqqan Donald Tramp Eron bilan muzokaralarni "vaqtni behuda sarflash" deb baholab, o't ochishni to'xtatish bo'yicha kelishuv amalda tugaganini bildirgan edi. Shuningdek, AQSh Eron hududidagi taxminan 80 ta nishonga zarba bergani haqida xabarlar tarqalgan.






