AsosiyJAMIYAT

AQSHda o‘zbekistonlik haydovchi ishtirokidagi YTHda 21 yoshli yigit halok bo‘ldi

Hozircha Asrarovga yigitning o‘limi yuzasidan rasman ayblov qo‘yilmagan.

'AQSHda o‘zbekistonlik haydovchi ishtirokidagi YTHda 21 yoshli yigit halok bo‘ldi'ning rasmi

AQShning Ogayo shtatida o'zbekistonlik haydovchi boshqaruvidagi yuk avtomobili ishtirokida sodir bo'lgan yo'l-transport hodisasida 21 yoshli yigit halok bo'ldi. Hozirda o'zbekistonlik haydovchiga ashyoviy dalillarni yashirishga urinish bo'yicha ayblov qo'yilgan. Bu haqda mahalliy nashrlar xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, hodisa 5 iyul kuni Ogayo shtatining Medison okrugidagi I-71 avtomagistralida sodir bo'lgan. 42 yoshli O'zbekiston fuqarosi Behzod Asrarov boshqaruvidagi Freightliner rusumli yuk avtomobili Honda Accord yengil avtomobili bilan to'qnashgan. Oqibatda yengil avtomobil haydovchisi, 21 yoshli Tobias Forsayt voqea joyida halok bo'lgan.

Qayd etilishicha, Asrarov 2024 yilda diversifikatsiya vizasi (Green Card) dasturi orqali AQShga ko'chib kelgan. U yuk avtomobilini boshqarish uchun talab etiladigan haydovchilik guvohnomasiga ega bo'lgan, biroq ingliz tilini bilmagani sababli politsiya xodimlari u bilan Google Translate orqali muloqot qilgan.

Tergov materiallariga ko'ra, hodisa joyiga yetib kelgan patrul xodimlari yuk avtomobili kabinasida videoregistrator moslamasi o'rnatilganini, ammo uning kamera joyida yo'qligini aniqlagan. Keyinchalik Asrarov kamerani cho'ntagiga solib qo'yganini ko'rsatgan.

Shundan so'ng unga ashyoviy dalillarni yashirish yoki yo'q qilishga urinish moddasi bo'yicha ayblov e'lon qilingan. Shuningdek, uning yonidan uchta mobil telefon va elektron yuk tashish plan sheti ham topilgan.

Hozircha Asrarovga yigitning o'limi yuzasidan rasman ayblov qo'yilmagan. Tergov davom etmoqda va ish yuzasidan qo'shimcha ayblovlar ham e'lon qilinishi mumkin.

Ma'lum bo'lishicha, halok bo'lgan Tobias Forsayt Massachusets universiteti futbol jamoasida darvozabon sifatida faoliyat yuritgan.

Hodisaga AQSh Transport vaziri Shon Daffi ham munosabat bildirgan. U ingliz tilini bilmaydigan haydovchilarga mamlakatda og'ir yuk avtomobillarini boshqarishga ruxsat berilmasligi kerakligini ta'kidlagan.

"Biz yo'l belgilari va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari bilan muloqot qila olmaydigan haydovchilarga Amerika avtomagistrallarida 80 ming funtlik yuk mashinalarini boshqarishga ruxsat bera olmaymiz", degan Daffi.

Uning aytishicha, bunday holatlarning oldini olish maqsadida xavfli haydovchilarni yo'l harakatidan chetlashtirish bo'yicha qo'shimcha choralar ko'riladi.

Eslatib o'tamiz, bundan avval Arizona shtatida ham O'zbekiston fuqarosi ishtirokidagi yo'l-transport hodisasi ortidan uning bir nechta haydovchilik guvohnomasidan foydalangani haqida xabarlar tarqalgan edi.

    Boshqa yangiliklar